If you're seeing this message, it means we're having trouble loading external resources on our website.

Agar veb-filtrlardan foydalanayotgan boʻlsangiz *.kastatic.org va *.kasandbox.org domenlariga ruxsat berilganligini tekshirib koʻring.

Asosiy kontent

Biogeokimyoviy davriy aylanishlarga oid dastlabki tushunchalar

Atomlarning biogeokimyoviy davriy aylanish orqali Yer yuzasi ekosistemalari boʻylab qanday qilib qayta ishlangani haqida umumiy maʼlumot oling.

Asosiy tushunchalar

  • Energiya ekotizim orqali oʻtib, issiqlik sifatida tarqaladi va kimyoviy elementlar qayta ishlanadi.
  • Biror bir element yoki suv kabi birikmalarning turli-tuman jonli va jonsiz tabiat shakllari orasida hamda biosferadagi oʻrnini oʻzgartirib aylanishi biogeokimyoviy sikl deb ataladi.
  • Tirik organizmlar uchun muhim boʻlgan biogeokimyoviy sikllarga suv, uglerod, azot, fosfor va oltingugurt sikllari kiradi.

Kirish

Inson tanasi nimadan tashkil topgan? Ochigʻini aytsak, atomlardan. Koʻplab va juda koʻplab atomlardan. Aniqrogʻi, taxminan 7 000 000 000 000 000 000 000 000 000 atomdan1. Buncha atomlar qayerdan paydo boʻlgan?
Agar biz chindan ham vaqtni orqaga qaytara olsak, tanamiz va boshqa barcha tirik mavjudotlarni tashkil etuvchi elementlar milliardlab yillar oldin oʻlgan yulduzlarda paydo boʻlganiga guvoh boʻlamiz. Bu juda ajoyib, lekin butun voqelikni qamrab olmaydi. Tanamizdagi atomlar yaqin orada, yaʼni Yerda boʻlgan davrida qanday jarayonlarda ishtirok etdi?

Energiya aylanadi va moddalar qayta ishlanadi.

Odatda energiya Yer ekotizimi orqali oʻtadi va quyosh nuri shaklida kirib, issiqlik shaklida chiqib ketadi. Vaholanki, tirik organizmlarni tashkil etadigan kimyoviy komponentlar boshqacha: ular qayta ishlanadi.
Bu nimani anglatadi? Birinchidan, tanamizdagi atomlar hozirgina paydo boʻlgan emas. Aslida, ular uzoq vaqt davomida biosferada aylanib yuradi va yoʻl-yoʻlakay koʻplab organizmlar va jonsiz birikmalarning bir qismiga aylanadi. Ruhiy tushuncha boʻlgan reinkarnatsiya (boshqa shaklga oʻtish)ga ishonishingiz yoki ishonmasligingiz mumkin, ammo tanamizdagi atomlar vaqt oʻtishi bilan juda koʻp sondagi jonli va jonsiz narsalarning bir qismi boʻlganiga shubha yoʻq!
Ushbu rasmda energiya oqimi sariq va qizil strelkalar bilan koʻrsatilgan. Sariq strelka foydalanish mumkin boʻlgan energiyani, qizili esa yaroqsiz shaklda yoʻqotilgan issiqlik energiyasini bildiradi. Yashil strelkalar kimyoviy ozuqalarning doimiy ravishda qayta ishlanishini koʻrsatadi. Manba: Biogeochemical cycles: Figure 1 (Biogeokimyoviy sikllar: 1-rasm) /Eva Horn va Robert A. Biyer; maqola manbasi CC BY 4.0
Organik molekulalardagi eng koʻp tarqalgan oltita element – uglerod, azot, vodorod, kislorod, fosfor va oltingugurt turli xil kimyoviy shakllarga ega. Ular uzoq yoki qisqa muddat atmosferada, quruqlikda, suvda yoki yer ostida, shuningdek, tirik organizmlarning tanalarida saqlanishi mumkin. Geologik jarayonlar, masalan, togʻ jinslarining nurashi, eroziya, suv drenaji va kontinental plitalarning subduksiyasi – bularning barchasi organizmlarning oʻzaro taʼsirlashishi, moddalarning qayta ishlanishida muhim rol oʻynaydi.
Biror bir element yoki baʼzi holatlarda suv kabi birikmalarning turli-tuman jonli va jonsiz tabiat shakllari orasida va joylashgan oʻrnini oʻzgartirib, aylanib yurishiga biogeokimyoviy sikl deyiladi. Bu nom bizga ushbu sikllarni tushunishga yordam beruvchi kimyo va geologiyaning, shuningdek, biologiyaning ahamiyatini aks ettiradi.

Qaysi biogeokimyoviy sikllar hayot manbai?

Suv vodorod va kisloroddan tashkil topgan boʻlib, organizmlar hayoti uchun juda zarur. Shu sababli suvning tabiatda aylanishi eʼtiborimizdagi sikllar roʻyxatida yuqori oʻrin tutadi!
Gidrosfera – suvning yer yuzida uchrashi mumkin boʻlgan joylar toʻplami, u ulkan va turfa xildir. Suv yer usti va yer ostida suyuqlik, muzliklarda va qutb muzliklarida muz hamda atmosferada suv bugʻlari kabi koʻrinishlarda mavjud. Suvning bunday shakllar oʻrtasida aylanishi haqida koʻproq maʼlumot olish uchun suvning tabiatda aylanishi haqidagi maqolani koʻrib chiqing.
Tanamizning yarmidan koʻpini suv tashkil etadi, ammo odamlar faqatgina suv bilan yashay olmaydi. Tanamizning ishlashini taʼminlovchi hamda biogeokimyoviy sikllarning bir qismi boʻlgan baʼzi boshqa muhim elementlar ham mavjud:
  • Uglerod barcha organik makromolekulalarda uchraydi va qazilma yonilgʻilarining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun uglerod sikli maqolasini koʻrib chiqing.
  • Azot bizning DNK, RNK va oqsillarimiz uchun juda zarur va qishloq xoʻjaligida ham muhim ahamiyatga ega. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun azot sikli maqolasini koʻrib chiqing.
  • Fosfor DNK va RNKning muhim komponentidir hamda qishloq xoʻjaligida ishlatiladigan sunʼiy oʻgʻitlarning asosiy tarkibiy qismlaridan biri sanaladi. Qoʻshimcha maʼlumot uchun fos“for” sikli maqolasini oʻqib chiqing.
  • Oltingugurt oqsil tarkibining muhim qismidir va u qazib olinadigan yonilgʻining yonishi natijasida atmosferaga koʻtariladi.
Ushbu sikllar alohida holda sodir boʻlmaydi va suvning aylanishi boshqa biogeokimyoviy sikllarning muhim omilidir. Masalan, azot va fosfatni daryolar, koʻllar va okeanlarda erigach ajratib olishda suvning harakati juda muhim. Shuningdek, okean uglerod uchun yirik suv ombori hamdir.
Har bir element yoki birikma oʻz yoʻnalishiga ega boʻlsa ham, bu muhim kimyoviy ozuqa moddalarning barchasi biotik (jonli) va abiotik (jonsiz) olam oʻrtasida hamda bir tirik organizmdan boshqasiga oʻtib biosferada aylanaveradi.